Ish vaqti
Mehnat kodeksining 415-moddasiga ko‘ra, ish vaqti 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun haftasiga 36 soatdan, 15 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun haftasiga 24 soatdan oshmaydi. O‘quv yilida o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlayotgan o‘quvchilar uchun bu chegaraning yarmi qo‘llanadi. 420-moddaga ko‘ra, qisqartirilgan ish vaqti uchun haq to‘liq ish vaqtidagi kabi to‘lanadi. O‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlayotgan o‘quvchilarga esa ishlagan vaqti yoki ish natijasiga qarab haq to‘lanadi.
Taqiqlar
Mehnat kodeksining 412-moddasiga ko‘ra, zararli va (yoki) xavfli sharoitdagi ishlar, yer osti ishlari, hayot, sog‘liq va ma’naviy kamolotga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlar hamda belgilangan normadan og‘ir yuk ko‘tarish taqiqlanadi. 417-moddaga ko‘ra, xizmat safariga yuborish, ish vaqtidan tashqari ish, tungi ish, dam olish va bayram kunlaridagi ishga jalb qilish ham taqiqlanadi. Ijodiy xodimlar va professional sportchilar uchun maxsus ro‘yxat bo‘yicha istisno bor.
Tibbiy ko‘rik
Mehnat kodeksining 414-moddasiga ko‘ra, ishga faqat dastlabki majburiy tibbiy ko‘rikdan keyin qabul qilinadi. Keyin 18 yoshga to‘lguncha har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tiladi. Ko‘rik ish beruvchining hisobidan o‘tkaziladi.
Bo‘shatish
Mehnat kodeksining 421-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan xodimni ish beruvchi tashabbusi bilan bo‘shatish uchun umumiy tartibdan tashqari mahalliy mehnat organining roziligi ham talab qilinadi.